+23° Kechasi +16°
Toshkent (Bugun, 10 may)

Bugungi valyuta kurslari:

$ 12 695.00 so'm (+11.01 so'mga)
138.12 so'm (-1.12 so'mga)
13 648.39 so'm (+0.42 so'mga)
16-11-2023, 10:50
179

Chang va qum bo‘ronlarining 25 foizi inson faoliyati tufayli yuzaga keladi: Samarqandda kuchayib borayotgan qum bo‘ronlari muammosi muhokama qilindi

Chang va qum bo‘ronlarining 25 foizi inson faoliyati tufayli yuzaga keladi: Samarqandda kuchayib borayotgan qum bo‘ronlari muammosi muhokama qilindi

15 noyabr kuni BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21 UNCCD) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida «Silk Road Samarkand» kongress zalida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Sent-Luis Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Alfred Prosper, UNCCD COP15 raisi Alen-Rishar Donvai, Saudiya Arabistoni Qirolligi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari, UNCCD COP16 yangi raisi Usama Ibrohim Faqih, UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, IHT Bosh kotibi o‘rinbosari Huseyn Avni Bijakli va xorijiy delegatlar vakillari ishtirok etdi.

«O‘zbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang bo‘ronlari muammosi har qachongidan ham dolzarbdir. Chunki mamlakat hududining katta qismi dasht va cho‘llardan iborat. Ushbu muammolarni hal qilish uchun barcha darajalarda kompleks chora-tadbirlar ko‘rish kerak. Bu masalani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan nazorat qilib bormoqda, — dedi Aziz Abduhakimov o‘z nutqida. — Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari bilan biz samarali platforma yaratdik. Messenjerda dolzarb masalalarni muhokama qilamiz, fikr almashamiz. Bugun men ushbu platformani kengaytirish va qo‘shni hududlardagi siyosatchilarning keng doirasini birlashtirishni taklif qilaman».

Oliy darajadagi tadbir doirasida turli mamlakatlar vazirlari va atrof-muhit sohasidagi yetakchilarning uchrashuvi hamda hukumatlar, BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida interaktiv muloqot bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar qisqa muhokama va ma’ruzachilarga savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

«Qum va changdan iborat qora bulutlarning yopirilib kelishi, yo‘lidagi hamma narsani yutib yuborayotgani va kunning tunga aylanishi tabiatdagi eng hayratlanarli manzaralardan biridir. Bu Shimoliy va Markaziy Osiyodan Afrikaning janubi-g‘arbiy qismigacha bo‘lgan hamma joyda tartibsizlikni keltirib chiqarayotgan xavfli hodisadir, — dedi BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau. — Qum va chang bo‘ronlari barqaror rivojlanishga erishish uchun katta muammo tug‘dirmoqda. Biroq, bu xavfni yanada og‘irlashtirish ham, bartaraf etish ham insonlarning qo‘lida».

O‘z navbatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Bahriddin Nishonov havo ifloslanishini monitoring qilishning zamonaviy tizimlari muhim ekanligini ta’kidladi.