So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka”larda navbatning uzayib borayotgani, bunga bir qator metan “zapravka”larning yopiqligi sabab bo‘layotgani, mazkur vaziyat metan narxining oshishidan darak bo‘lishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalyapti.
Energetika vazirligi Axborot xizmati shuni ta’kidlaydiki, barcha metan “zapravka”larga avgust oyi uchun ham ularning talablariga asosan belgilangan limitga ko‘ra, tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.
Qaysidir metan “zapravka” o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, avval ta’kidlaganimizdek, metan “zapravka”larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, aholi va boshqa toifadagi iste’molchilar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantiriladi.
“Xabarlar.Net” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring